O'zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi

    • "O`zbekiston" Teleradiokanali
    • "Yoshlar" Teleradiokanali
    • "Sport" Teleradiokanali
    • "Toshkent" Teleradiokanali
    • "Madaniyat va ma’rifat" Telekanali
    • "Dunyo bo‘ylab" Telekanali
    • "Bolajon" Telekanali
    • "Navo" Telekanali
    • "Diyor" Telekanali
    • "Oilaviy" Telekanali
    • "Kinoteatr" Telekanali
    • "uzhd" Telekanali
    • "Mahalla" Telekanali
  • "O`zbekiston" Teleradiokanali
  • "Yoshlar" Teleradiokanali
  • "Toshkent" Teleradiokanali
  • "Mahalla" Telekanali
    • Andijon TRK
    • Buxoro TRK
    • Jizzax TRK
    • Qoraqalpog'iston TRK
    • Qashqadaryo TRK
    • Navoi TRK
    • Namangan TRK
    • Samarqand TRK
    • Sirdaryo TRK
    • Surxondaryo TRK
    • Farg'ona TRK
    • Xorazm TRK


FAOLIYATNI TARTIBGA SOLUVCHI HUJJATLAR

 "Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida" O‘zbekiston Respublikasining qonuni.
24 aprel 1997 yil № 402-I;

1-modda. Qonunning maqsadi

Ushbu Qonun jurnalistning jurnalistlik faoliyati bilan bog‘liq holda yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soladi, uning huquq va majburiyatlarini belgilaydi, unga huquqiy va ijtimoiy kafolatlar beradi, jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini belgilaydi.

2-modda. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish  to‘g‘risidagi qonun hujjatlari

Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Qoraqalpog‘iston Respublikasida jurnalistlik faoliyatini himoya qilish sohasidagi munosabatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.

3-modda. Jurnalist

Jurnalist - O‘zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatning ommaviy axborot vositalarida xizmat qiladigan yoxud ularda shartnoma asosida ishlaydigan va ma'lum mavzudagi axborotni to‘plash, tahlil etish hamda tarqatish bilan shug‘ullanuvchi shaxsdir.

4-modda. Senzuraga yo‘l qo‘yilmasligi

O‘zbekiston Respublikasida senzuraga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jurnalistdan xabarlar va materiallarni oldindan kelishib olishini, shuningdek material yoxud xabarning matnini o‘zgartirishni yoxud ularni butunlay nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab qilishga hech kimning haqqi yo‘q.

5-modda. Jurnalistning huquqlari

Jurnalist o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida:
  • axborot to‘plash, uni tahlil etish va tarqatish;
  • axborot olish uchun davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga murojaat etish;
  • davlat siri yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sirni istisno etgan holda hujjatlar, materiallar va axborotdan foydalana olish;
  • jurnalist tekshiruvi o‘tkazish;
  • o‘zi tayyorlagan xabarlar va materiallarni ommaviy axborot vositalari orqali imzosini yoki taxallusini qo‘yib tarqatish, ularda o‘z fikr-mulohazasini ifodalash;
  • jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish yuzasidan mansabdor shaxs qabulida bo‘lish;
  • ma'lumotlarni belgilangan tartibda yozib olish, shu jumladan, zarur texnika vositalaridan foydalangan holda yozib olish;
  • sudlarning ochiq majlislarida, harbiy harakatlar maydonlarida, tabiiy ofat yuz bergan hududlarda, ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lish;
  • e'lon qilishga tayyorlangan ma'lumotlarni tekshirish uchun mutaxassislarga murojaat qilish;
  • basharti qonunni buzishga olib keladigan bo‘lsa, ommaviy axborot vositasi tomonidan berilgan topshiriqni bajarishni rad etish;
  • o‘zi tayyorlagan xabar yoki materialning mazmuni tahrir jarayonida buzilgan degan fikrga kelsa, unga imzo qo‘ymaslik yoxud uni nashrdan olib qolishni (efirga bermaslikni) talab etish;
  • axborot manbai yoki muallifning nomi sir saqlanishini talab qilish;
  • taqdim etgan xabarining mazmunini ommaviy axborot vositasi buzib e'lon qilishi oqibatida o‘ziga yetkazilgan ma'naviy zarar va moddiy ziyon qoplanishini sud orqali talab qilish;
  • jamoat birlashmalariga, shu jumladan, jurnalistlarning xalqaro tashkilotlariga kirish huquqlariga ega.
Jurnalist o‘ziga qonun hujjatlari bilan berilgan boshqa huquqlardan ham foydalanadi.

6-modda. Jurnalistning majburiyatlari

O‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog‘ida jurnalist:
  • qonun hujjatlari hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari talablariga rioya etishi;
  • o‘zi tayyorlayotgan materiallarining to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi;
  • aybsizlik prezumpsiyasi prinsipiga amal qilishi;
  • shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha'ni va qadr-qimmatini hurmat qilishi shart.
Jurnalist o‘z kasbiga doir axborotdan shaxsiy maqsadlarda foydalanishi, axborot manbai yoki muallif roziligisiz jismoniy shaxsning shaxsiy hayotiga taalluqli ma'lumotlarni e'lon qilishi, shuningdek audio va video yozish vositalaridan foydalanishi mumkin emas.
Jurnalist qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa majburiyatlarni ham bajarishi shart.

7-modda. Jurnalistika sohasining siri

Fuqarolar yoki boshqa axborot manbalari tomonidan ixtiyoriy ravishda ma'lum qilingan mahfiy xabar, shuningdek fakt yoki voqyealar jurnalistika sohasining siri hisoblanadi.
Jurnalistning jurnalistika sohasining siri hisoblanadigan ma'lumotlarni bu ma'lumotlar manbaining roziligisiz oshkor etishi, shuningdek ulardan o‘zining g‘arazli manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab foydalanishi taqiqlanadi.

8-modda. Jurnalistning daxlsizligi

Jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi.
Tanqidiy materiallar e'lon qilganligi uchun jurnalistni ta'qib qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

9-modda. Jurnalist tekshiruvi

Jurnalist axborot to‘plash va tekshiruv o‘tkazish huquqiga ega.
Jurnalist o‘z tekshiruvlarining natijalarini ommaviy axborot vositalari orqali tarqatishga, ularni davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslarga ixtiyoriy ravishda taqdim etishi mumkin. Jurnalist tekshiruvi davrida u ko‘lga kiritgan materiallar va hujjatlar olib qo‘yilishi yoki ko‘zdan kechirilishi mumkin emas.

10-modda. Jurnalistning kasbiga doir faoliyati kafolatlari

Jurnalistning huquqlari, sha'ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanadi.
Davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlaydi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta'minlaydi.
Jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma'lumotni talab etish taqiqlanadi.

11-modda. Jurnalistni akkreditatsiya qilish

Jurnalist davlat organi yoki jamoat birlashmasida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Jurnalistlar akkreditatsiya qilingan davlat organlari va jamoat birlashmalari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida jurnalistga oldindan ma'lum qilishlari va zarur hujjatlar hamda materiallarni taqdim etishlari shart.
O‘zbekiston Respublikasining jurnalisti xorijiy davlatda akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Chet el jurnalisti O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin.

12-modda. O‘zbekiston Respublikasi jurnalistining chet eldagi va chet el jurnalistining O‘zbekiston Respublikasidagi faoliyati

O‘zbekiston Respublikasining jurnalisti chet elda jurnalistlik faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining va o‘zi akkreditatsiya qilingan mamlakatning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilingan chet el jurnalisti axborot to‘plash va tarqatishda O‘zbekiston Respublikasi jurnalisti bilan teng huquqlarga ega.
Chet el jurnalisti O‘zbekiston Respublikasi hududida jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga rioya etishi shart.

13-modda. Chet el jurnalisti akkreditatsiyasining bekor qilinishi

Chet el jurnalisti ushbu Qonunni, boshqa qonun hujjatlarini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari qoidalarini buzgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi uning akkreditatsiyasini bekor qilishi mumkin.
Chet el jurnalisti o‘zining O‘zbekiston Respublikasidagi akkreditatsiyasini bekor qilish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi chiqargan qaror ustidan sudga shikoyat qilish huquqiga ega.

14-modda. Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

Davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari:
  • senzura qilganlik;
  • jurnalist o‘z kasbiga doir qonuniy faoliyatni amalga oshirishiga akkreditatsiya qilishni asossiz ravishda rad etish yoki akkreditatsiyani noo‘rin bekor qilish yo‘li bilan to‘sqinlik qilganlik;
  • jurnalistning so‘rov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzganlik;
  • jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik;
  • jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik;
  • axborot manbaini yoki muallif nomini uning roziligisiz oshkor etganlik uchun javobgarlikka tortiladilar.
Jurnalistning ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha'ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

15-modda. Jurnalistning javobgarligi

Jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.
Jurnalist rasmiy xabarlarda bayon etilgan axborotni tarqatganlik uchun javobgar bo‘lmaydi.

16-modda. Xalqaro shartnomalar

Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida ushbu Qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.