O'zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi

    • "O`zbekiston" Teleradiokanali
    • "Yoshlar" Teleradiokanali
    • "Sport" Teleradiokanali
    • "Toshkent" Teleradiokanali
    • "Madaniyat va ma’rifat" Telekanali
    • "Dunyo bo‘ylab" Telekanali
    • "Bolajon" Telekanali
    • "Navo" Telekanali
    • "Diyor" Telekanali
    • "Oilaviy" Telekanali
    • "Kinoteatr" Telekanali
    • "uzhd" Telekanali
    • "Mahalla" Telekanali
  • "O`zbekiston" Teleradiokanali
  • "Yoshlar" Teleradiokanali
  • "Toshkent" Teleradiokanali
  • "Mahalla" Telekanali
    • Andijon TRK
    • Buxoro TRK
    • Jizzax TRK
    • Qoraqalpog'iston TRK
    • Qashqadaryo TRK
    • Navoi TRK
    • Namangan TRK
    • Samarqand TRK
    • Sirdaryo TRK
    • Surxondaryo TRK
    • Farg'ona TRK
    • Xorazm TRK


FAOLIYATNI TARTIBGA SOLUVCHI HUJJATLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
"O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon»
bolalar raqamli telekanalini tashkil etish to‘g‘risida"
2013 yil 30 may, PQ-1976-son

Ijtimoiy qadriyatlarni va odamlarda, ayniqsa bolalarda, ularning atrofdagi dunyoni bilishga, zamonaviy axborot texnologiyalarini hamda xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini hisobga olgan holda dunyoqarashni shakllantirishda elektron ommaviy axborot vositalarining tobora ortib borayotgan rolini e'tiborga olib hamda bolalarning intellektual, idrok qilishga bo‘lgan va madaniy ehtiyojlarini qondirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida:

1. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vazirligining yetakchi jahon telekompaniyalarining ilg‘or tajribasini hisobga olgan holda 2013 yil 1 iyundan boshlab «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon» respublika bolalar raqamli telekanalini tashkil etish to‘g‘risida respublikaning keng jamoatchiligi va pedagoglari tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taklifi ma'qullansin.

2. Quyidagilar tashkil etilayotgan «Bolajon» bolalar telekanali faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari etib belgilansin:

  • bolalar atrof dunyoni idrok qilishni, milliy qahramonlar hamda o‘zbek xalqining va jahondagi boshqa xalqlarning dostonlari, eposlari va ertaklari personajlarining tarixi misolida bola ongida ezgulik va adolatni shakllantirib, qaror toptirishga yo‘naltirilgan bilim doirasini kengaytiruvchi va intellektual jihatdan rivojlantiruvchi televizion dasturlarni tayyorlash va namoyish etish;
  • bolalarning qiziquvchanligini, intellektual va ijodiy faolligini rivojlantirish, ularda bilim beradigan va ko‘ngilochar-o‘rgatuvchi televizion ko‘rsatuvlarni, maktabgacha yoshdagi va kichik maktab yoshidagi bolalar uchun mo‘ljallangan intellektual o‘yinlar va viktorinalarni namoyish etish vositasida boshlang‘ich mahoratlarni, aqliy va jismoniy mehnat ko‘nikmalari va madaniyatini shakllantirish;
  • bolalarning atrof dunyoni bilishga, yosh teletomoshabinlarning yoshga oid xususiyatlarini hisobga olgan holda translyatsiyalarning zamonaviy interaktiv shakllari va usullaridan, raqamli va multimedia texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda ularning o‘z atrofidagi barcha qiziqarli narsalar va yangiliklarni kashf etishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash;
  • bilim beradigan maxsus teleko‘rsatuvlarni tayyorlash va shu jumladan, o‘zbek tilidagi subtitrlari bilan xorijiy bolalar badiiy, multiplikatsion va ko‘ngilochar-o‘rgatuvchi filmlarni translyatsiya qilish yo‘li bilan bolalarning xorijiy tillarni o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini rivojlantirish;
  • bolalarda tabiatga va atrof muhitga bo‘lgan qiziqish va mehrni, ularning uy hayvonlari va parrandalarga, akvarium jonivorlari va xona o‘simliklariga g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lish hamda ularni to‘g‘ri parvarishlashga o‘rgatish;
  • bolalarga jismoniy madaniyat asoslarini va sport bilan shug‘ullanishga qiziqishni singdirish, ularda sport bahslariga muhabbat tuyg‘usini tarbiyalash, bolalarda o‘z sog‘lig‘iga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishni, zarur sanitariya-gigiyena ko‘nikmalarini shakllantirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

  • «Bolajon» telekanali yuridik shaxs tashkil etmasdan, «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati xodimlarining umumiy soni doirasida tashkil etiladi;
  • «Bolajon» telekanali xodimlariga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining faoliyat ko‘rsatayotgan teleradiokanallari xodimlari uchun amaldagi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan mehnatga haq to‘lash va moddiy rag‘batlantirish shart-sharoitlari tatbiq etiladi;
  • «Bolajon» telekanali respublikaning butun hududida tarqatiladigan raqamli ko‘rsatuvlarning umumiy foydalaniladigan ijtimoiy paketi tarkibiga kiritiladi.

4. «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon» telekanali xodimlarining cheklangan umumiy soni 101 nafar bo‘lgan tuzilmasi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

5. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi:

  • «Bolajon» telekanalining shtatlar jadvali va xarajatlari smetasining belgilangan tartibda ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini;
  • 2013 yil oxirigacha yangidan tashkil etilayotgan telekanalni yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan va tashabbuskor, shu jumladan bolalar pedagogikasi va psixologiyasi sohasidagi, xorijiy tillarni biladigan mutaxassislar bilan butlashni;
  • «Ko‘rsatuvlarni raqamli formatiga o‘tish uchun O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasini zamonaviy multimedia asbob-uskunalari bilan jihozlash» investitsiya loyihasi amalga oshirilgungacha «Bolajon» telekanali teleko‘rsatuvlarini tayyorlash va efirga uzatish texnologiyasini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining mavjud texnika vositalari negizida vaqtinchalik sxema bo‘yicha tashkil etishni;
  • 2013-2014 yillarda har biri 10 daqiqadan iborat bo‘lgan beshta bolalar badiiy filmlari va beshta multiplikatsion filmlar, shu jumladan 2013 yilda ikkitadan badiiy va multiplikatsion filmlar yaratishni ta'minlasin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:

  • 2013 yilda yangidan tashkil etilayotgan «Yoshlar» teleradiokanali» yopiq aksiyadorlik jamiyati huzuridagi «Bolajon» telekanalini moliyalashtirishga mablag‘larni ijtimoiy soha uchun Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida ajratsin;
  • 2014 yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti parametrlarida «Bolajon» telekanali faoliyatini moliyalashtirish uchun zarur mablag‘larni nazarda tutsin.

7. Yangidan tashkil etilayotgan «Bolajon» telekanali Toshkent shahar, Navoiy ko‘chasi, 69-uy manzilida joylashga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi binolariga joylashtirilsin.

8. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

9. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.