O'zbekiston Milliy
teleradiokompaniyasi

    • "O`zbekiston" Teleradiokanali
    • "Yoshlar" Teleradiokanali
    • "Sport" Teleradiokanali
    • "Toshkent" Teleradiokanali
    • "Madaniyat va ma’rifat" Telekanali
    • "Dunyo bo‘ylab" Telekanali
    • "Bolajon" Telekanali
    • "Navo" Telekanali
    • "Diyor" Telekanali
    • "Oilaviy" Telekanali
    • "Kinoteatr" Telekanali
    • "uzhd" Telekanali
    • "Mahalla" Telekanali
  • "O`zbekiston" Teleradiokanali
  • "Yoshlar" Teleradiokanali
  • "Toshkent" Teleradiokanali
  • "Mahalla" Telekanali
    • Andijon TRK
    • Buxoro TRK
    • Jizzax TRK
    • Qoraqalpog'iston TRK
    • Qashqadaryo TRK
    • Navoi TRK
    • Namangan TRK
    • Samarqand TRK
    • Sirdaryo TRK
    • Surxondaryo TRK
    • Farg'ona TRK
    • Xorazm TRK


FAOLIYATNI TARTIBGA SOLUVCHI HUJJATLAR

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Mustaqil teleradio kanallarni isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" farmoni
8 noyabr 2005 yil N PF-3678

Mamlakatni demokratik yangilash va modernizatsiyalash, ochiq fuqarolik jamiyatini barpo etish, odamlar ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirishda mustaqil ommaviy axborot vositalarini, eng avvalo, alohida ahamiyatga ega bo‘lgan teleradioeshittirish faoliyatini rivojlantirish O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi.

Bugungi kunda teleradioeshittirish sohasi 50 ta telestudiya, 13 ta radiostansiya, 36 ta kabelli televideniye studiyalaridan iborat davlat va nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini o‘ziga qamrab oladi.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasi respublikadagi teleradioeshittirish tizimining eng yirik sub'yekti bo‘lib, unda hozir olti mingga yaqin jurnalist, boshqa ijodiy va texnik xodimlar mehnat qilmoqda. Kompaniya o‘z ko‘rsatuv va eshittirishlarini to‘rtta tele va to‘rtta radiokanal orqali respublika hududining 98 foiziga tarqatadi, ko‘rsatuv va eshittirishlarning o‘rtacha bir kunlik hajmi 54 va 93,2 soatni tashkil etadi.

Keyingi yillarda ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida teleradioeshittirish tizimi mukammal va zamonaviy ishlab chiqarish-texnika bazasiga ega bo‘ldi. Eng yangi axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda teleradio dasturlarini tarqatish tarmog‘ining qabul qilish-uzatish tizimlarini rekonstruksiya qilish ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda. Teleradio ko‘rsatuvlari va eshittirishlarini ishlab chiqarish hamda shakllantirish jarayoni zamonaviy raqamli uskunalar va mediatexnologiyalar tadbiq etilmoqda.

Shu bilan birga O‘zbekiston teleradiokompaniyasining faoliyati hali zamonaviy talab va andozalarga to‘la javob beradi, deb bo‘lmaydi.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasini boshqarishning mavjud tizimi, boshqaruv tuzilmalaridagi bir-birini takrorlash va parallelizm, teleradiokanallarning huquqiy va iqtisodiy jihatdan mustaqil emasligi teleradioindustriya bozorini rivojlantirishga, g‘oya va dasturlarning ijobiy raqobatiga to‘siq bo‘lmoqda. Moliyalashtirish tizimining markazlashtirilgani, teleradioeshittirish sohasi mutaxassislarining ijodiy va texnik xizmatlariga yangi dastur va loyihalarni amalga oshirishga jamoalar qo‘shgan aniq hissasini hisobga olmay turib, haq to‘lanayotgani O‘zbekiston teleradiokompaniyasi jurnalistlari va boshqa xodimlarining yuqori unum bilan, ijodiy tashabbus va faollik ko‘rsatib mehnat qilishiga yo‘l bermayapti.

O‘zbekiston teleradiokompaniyasi, avvalo, uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatuv hamda eshittirishlarining professional darajasi, g‘oyaviy-badiiy saviyasi va sifati hamon pastligicha qolmoqda.

Mavjud shart-sharoitlar teleradiojurnalistlarning mamlakatda va jahonda sodir bo‘layotgan ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga o‘z vaqtida va tezkorlik bilan e'tibor qaratish borasidagi faoliyatning yanada sustlashuviga olib kelmoqda.

Mustaqil teleradio kanallarini yanada rivojlantirish va isloh qilish, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholi hamda jamiyatning har tomonlama va xolis axborotga bo‘lgan talab-ehtiyojlarini qondirishda mamlakatimizning elektron ommaviy axborot vositalari rolini oshirish maqsadida:

1. Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi, Moliya vazirligining O‘zbekiston teleradiokompaniyasini O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi (O‘zbekiston MTRK) etib qayta tashkil qilish va uning tarkibiga quyidagilarni:

  • "O‘zbekiston" telekanali va "O‘zbekiston" radiokanali negizida tashkil qilinadigan "O'zbekiston" teleradiokanali" davlat unitar korxonasi;
  • "Sport" telekanali va "Mash'al" radiokanali negizida tashkil qilinadigan "Srort" teleradiokanali" davlat unitar korxonasi;
  • "Toshkent" telekanali va "Do‘stlik" radiokanali negizida tashkil qilinadigan "Toshkent" teleradiokanali" davlat unitar korxonasi;
  • "Respublika telemarkazi", "Respublika radio va ovoz yozish uyi", "Nukus teleradiomarkazi" korxonalari negizida tashkil qilinadigan "Respublika teleradiomarkazi" davlat unitar korxonasi;
  • "O‘zbektelefilm" studiyasi negizida tashkil qilinadigan "O'zbektelefilm" davlat unitar korxonasi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat teleradiokompaniyalari, shuningdek boshqa ijodiy, ishlab chiqarish-texnika bo‘linmalarini, 1-ilovaga muvofiq kiritish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Quyidagilar O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • aholini, shuningdek chet el jamoatchiligini O‘zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida ro‘y berayotgan, huquqiy demokratik davlat va ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirish, mustaqil ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan demokratik o‘zgarishlar to‘g‘risida keng xabardor qilish;
  • aholining ta'lim va madaniy saviyasini oshirish, milliy an'analarni, tarixiy va ma'naviy merosni saqlab qolish, fuqarolarning ongida demokratik qadriyatlarni shakllantirish, yoshlar va o‘sib kelayotgan avlodni vatanparvarlik, Vatanga muhabbat va umuminsoniy qadriyatlarni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga yo‘naltirilgan tele- va radiodasturlar sifatini, professional va badiiy darajasini ta'minlash;
  • O‘zbekiston MTRK teleradiokanallari, tarkibiy bo‘linmalari faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, ularning iqtisodiy mustaqilligini, axborot xizmatlari bozoridagi raqobatbardoshligini ta'minlash, tele-radio ko‘rsatuv va eshittirishlarini tashkil qilish jarayoniga bozor mexanizmlarini tadbiq etish, ushbu sohaga mamlakatimiz hamda chet el korxonalari, tashkilotlari va moliya institutlarining sarmoyalarini jalb qilish;
  • zamonaviy talablar hamda standartlarga muvofiq texnika bazasini yanada rivojlantirish, teleradiodasturlar tayyorlashga axborot, kompyuter va mediatexnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish;
  • O‘zbekiston MTRK bo‘linmalari ijodiy va texnik xodimlarining kasb mahoratini takomillashtirish, ijodiy faolligini oshirish maqsadida ularni samarali qayta tayyorlash, malakasini oshirish uchun zarur tashkiliy shart-sharoitlar yaratish;
  • davlat va nodavlat xorijiy teleradiokompaniyalar, axborot agentliklari, shuningdek xalqaro tashkilotlar bilan teleradioeshittirish sohasida axborot almashish bo‘yicha samarali xalqaro hamkorlikni amalga oshirish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

  • O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi huquq va majburiyatlar bo‘yicha O‘zbekiston teleradiokompaniyasining huquqiy vorisi hisoblanadi;
  • yangidan tashkil qilingan ma'muriy, ijodiy (teleradiokanallar), ishlab chiqarish-texnik va xo‘jalik tuzilmalari, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar teleradiokompaniyalari yuridik shaxs huquqiga ega bo‘lgan mustaqil korxona va tashkilotlar sifatida O‘zbekiston MTRK tarkibiga kiradi;
  • O‘zbekiston MTRK tarkibiga kirgan davlat unitar korxonalarining faoliyati davlat byudjeti mablag‘lari, homiylar va reklama mablag‘lari, shuningdek qonunda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi televideniye va radioda reklama uchun beriladigan vaqtning (ko‘rsatuv va eshittirishning har bir soati uchun 10 foizigacha) yo‘l qo‘yiladigan normalarini, shuningdek uni tarqatish tartibini belgilab beradigan qonun hujjatlari talablarining teleradiokanallar, o‘ziga qarashli tashkilot va korxonalar tomonidan so‘zsiz bajarilishini ta'minlasin.

4. O‘zbekiston teleradiokompaniyasining "Yoshlar" telekanali va "Yoshlar" radiokanali negizida "Yoshlar" teleradiokanali" yopiq aksiyadorlik jamiyati tashkil qilinsin.

Belgilansinki:

  • "Yoshlar" teleradiokanali" yopiq aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining 51 foizi davlat mulki hisoblanadi, 49 foizi esa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda yuridik shaxslarga - O‘zbekiston Respublikasi rezidentlari uchun erkin sotuvga qo‘yiladi;
  • "Yoshlar" teleradiokanali" YOAJda aksiyalarning davlat ulushini boshqarish huquqi O‘zbekiston MTRKga topshiriladi;
  • "Yoshlar" teleradiokanali" YOAJ faoliyatiga Vasiylik kengashi rahbarlik qiladi, uning tarkibiga O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining raisi ham kiradi;
  • "Yoshlar" teleradiokanali" YOAJni byudjetdan moliyalashtirishni kamaytirish va o‘zini-o‘zi to‘la ta'minlashga o‘tkazish 2010 yilgacha (har yili - 20%dan) bosqichma-bosqich amalga oshirib boriladi, mazkur davrda faqat davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan korxonalar, muassasa va tashkilotlarga qonunchilikda belgilangan imtiyozlar saqlab qolinadi.

5. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining ushbu Farmon 2-bandida belgilangan eng muhim vazifalari bilan bir qatorda quyidagilar asosiy ustuvor yo‘nalishlar etib belgilansin:

"O'zbekiston" teleradiokanali" davlat unitar korxonasi uchun:

  • davlat hokimiyati organlarining O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosati sohasidagi eng muhim qarorlari, mamlakatni demokratlashtirish, yangilash va modernizatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan, huquqiy demokratik davlatni, ochiq fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishga yo‘naltirilgan islohotlardan mamlakat aholisi, shuningdek chet el jamoatchiligini har tomonlama va xolis xabardor qilib borish;
  • umummilliy ahamiyatga ega bo‘lgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial muammolar - iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, tadbirkorlik, fermerlar harakati, sog‘liqni saqlash, ta'lim, madaniyat hamda ijtimoiy hayotning boshqa sohalarini rivojlantirish masalalarini keng yoritish;
  • fuqarolarning ta'lim darajasini, siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish, mamlakat ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotining eng muhim yo‘nalishlari bo‘yicha ularning o‘z fikrini bayon qilishi bilan bog‘liq muammolarni keng muhokama qilish, tele- va radiodasturlar tayyorlash;
  • xalqimizning boy madaniy va ma'naviy merosini saqlab qolishga, folklor-etnografik an'analarni rivojlantirishga, milliy hamda jahon adabiyoti, musiqasi, teatri, kinosi, tasviriy san'atining eng yaxshi namunalari bilan tanishtirishga qaratilgan muhim ijtimoiy, gumanitar-ma'rifiy teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarni tashkil qilish.

"Sport" teleradiokanali " davlat unitar korxonasi uchun:

  • O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni qo‘llab-quvvatlash hamda rivojlantirishga, mamlakatimiz va chet ellardagi muhim sport tadbirlarini, respublikamiz sportchilarining yutuqlarini yoritishga yo‘naltirilgan teleradio ko‘rsatuv va eshittirishlarini tayyorlash, sog‘lom turmush tarzini keng ommalashtirish, bolalar sporti va oilaviy sportni ommaviy ravishda rivojlantirish, jamiyatdagi barcha ijtimoiy guruhlarning talab va ehtiyojlarini hisobga olgan holda, dam olishning faol va ijtimoiy foydali shakllarini tashkil qilish, ommaviy ravishda rivojlantirishga, milliy sport turlari va xalq o‘yinlarini qayta tiklash hamda rivojlantirishga bag‘ishlangan tele- va radiodasturlarni tayyorlash;
  • xorijiy teleradiokompaniyalarning eng yaxshi dasturlarini, shu jumladan jahon sporti, olimpiya harakati tarixiga, xalqaro sport tashkilotlari faoliyatiga bag‘ishlangan dasturlarni olib ko‘rsatish;
  • respublika va xalqaro miqyosdagi sport musobaqalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilishni tashkil etish;

"Toshkent" teleradiokanali" davlat unitar korxonasi uchun:

  • O‘zbekiston poytaxti va Toshkent viloyatining ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotini, bu yerda sodir bo‘layotgan ijtimoiy ahamiyatga molik boshqa katta voqyealar va tadbirlarni yoritish;
  • mahalliy hokimiyat va o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining mamlakat poytaxtini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim muammolarini hal etish, fuqarolarning siyosiy va ijtimoiy faolligini oshirish, ularning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi faoliyatini samarali tashkil qilish masalalariga bag‘ishlangan dasturlar tayyorlash;
  • Toshkent shahri va Toshkent viloyatining ko‘p millatli aholisi manfaatlarini hisobga olgan holda axborot-gumanitar, o‘quv, madaniy-ma'rifiy ko‘rsatuv va eshittirishlarni tashkil qilish.

"Yoshlar" teleradiokanali" yopiq aksiyadorlik jamiyati uchun:

  • mamlakatni demokratik yangilash, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida yoshlarning ishtirokini keng yoritish;
  • umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish, yigit va qizlarni xalqimizning tarixiy an'analari, ma'naviy qadriyatlari, milliy madaniyatimiz va jahon sivilizatsiyasining ilg‘or yutuqlari asosida ma'naviy-axloqiy jihatdan yetuk, ma'rifatli, bilimli hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, mamlakatimiz zamonaviy yoshlarining ichki ma'naviy dunyosini namoyon etishga yo‘naltirilgan teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar tayyorlash;
  • O‘zbekiston yoshlarining "Kamolot" ijtimoiy harakati va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda yosh avlodning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirishga qaratilgan respublika va xalqaro miqyosdagi turli tele-, radiofestivallarni tashkil qilish.

O‘zbekiston MTRKning asosiy vazifalarini, shuningdek teleradiokanallar o‘rtasida tele-, radiomahsulot sifatini, badiiy va professional saviyasini oshirishga, aholining xilma-xil va ishonchli axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan dasturlar va ijodiy g‘oyalarning sog‘lom raqobatini rivojlantirish zaruratini hisobga olgan holda, ushbu bandda ko‘rsatilgan ustuvor yo‘nalishlarini muttasil chuqurlashtirib, kengaytirib va yangilab borish O‘zbekiston MTRKning eng muhim vazifasi deb belgilansin.

6. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining "Respublika teleradiomarkazi" davlat unitar korxonasi davlat mulki hisoblanuvchi va teleradiotuzilmalarga shartnoma asosida beriluvchi teleradiomahsulot ishlab chiqarish vositalari, energota'minot ob'yektlari, uzatish qurilmalari O‘zbekiston MTRKning bino va muhandislik-texnik inshootlarining asosiy fondiga egalik qiluvchi tashkilot hisoblanishi belgilab qo‘yilsin.

Quyidagilar "Respublika teleradiomarkazi" davlat unitar korxonasining asosiy vazifalari etib belgilansin:

  • O‘zbekiston teleradiotashkilotlariga, ularning mulkchilik shaklidan qat'i nazar, tele-, radiomahsulot ishlab chiqarish va efirga tayyorlash bo‘yicha, shu jumladan, yo‘ldosh tizimlaridan, ko‘chma televideniye va radiostansiyalardan foydalangan holda shartnoma asosida texnik, texnologik, servis va boshqa xizmatlar ko‘rsatish;
  • teleradiomahsulot ishlab chiqarish jarayoniga dasturlarning badiiy saviyasi va sifati yuqori bo‘lishini ta'minlaydigan zamonaviy axborot, kompyuter va mediatexnologiyalarni tadbiq etish;
  • teleradiomahsulotlar ishlab chiqarish moddiy-texnika bazasi, vositalari, uzatish qurilmalari, binolar va antenna inshootlaridan foydalanish, texnik xizmat ko‘rsatish, modernizatsiyalash va yanada rivojlantirish, ularni energiya bilan uzluksiz ta'minlash.

Belgilansinki, yangi tashkil etilayotgan teleradiokanallar, ijodiy bo‘linmalar ixtiyoriga tahririyat ishini tashkil etish uchun zarur bo‘lgan orgtexnika, mebel anjomlari va boshqa mulk beriladi.

7. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining tashkiliy tuzilmasi va Nizomi 2 va 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.

Belgilansinki, O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot beradi.

O‘zbekiston MTRK raisiga xodimlarning cheklangan soni doirasida tashkiliy tuzilmaga o‘zgartishlar kiritish huquqi berilsin.

8. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi:

  • Iqtisodiyot vazirligi (U. Roziqulov), Moliya vazirligi (S. Rahimov), Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi (M. Asqarov) bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu Farmon talablariga muvofiq O‘zbekiston teleradiokompaniyasini qayta tashkil etish va uning negizida mustaqil teleradiotuzilmalar tashkil qilish Dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
  • O‘zbekiston teleradiokompaniyasini qayta tashkil etish jarayonida teleradioeshittirish tizimining uzluksiz va sifatli faoliyat ko‘rsatishini ta'minlasin;
  • O‘zbekiston teleradiokompaniyasini qayta tashkil etish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar, texnik-iqtisodiy asoslarni tayyorlash bo‘yicha ishlarni tashkil etsin;
  • Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A. Azizxo‘jayev), Moliya vazirligi (S. Rahimov) bilan birgalikda ikki oy muddatda O‘zbekistan teleradiokompaniyasi tarkibidagi badiiy jamoalarni 4-ilovaga* muvofiq mehnat haqi fondi bilan birga belgilangan tartibda Madaniyat va sport ishlari vazirligi tasarrufiga o‘tkazsin.

9. Madaniyat va sport ishlari vazirligi (A. Azizxo‘jayev) vazirlik tizimida O‘zbekiston MTRK tomonidan o‘tkaziladigan badiiy jamoalardan iborat Ijodiy uyushma tashkil etsin, ularning tarkibi, ijodiy faoliyat yo‘nalishi saqlab qolinsin va to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun shart-sharoitlar yaratilsin;

O‘zbekiston MTRK bilan birgalikda Ijodiy uyushma hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘rtasida ijodiy hamkorlikning uzoq muddatli dasturi va har yili tuziladigan shartnomalar asosida ushbu Farmonning 8-bandida ko‘rsatilgan ijodiy jamoalarning tele-, radiokanallardagi chiqishlarini ta'minlasin.

10. Davlat mulkini boshqarish davlat qo‘mitasi (M. Asqarov) O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda uch oy muddatda:

O‘zbekiston teleradiokompaniyasining taqsimot balanslarini tayyorlasin va O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining yangi tashkil etiladigan davlat unitar korxonalariga belgilangan tartibda mulkni topshirish-qabul qilish ishlarini amalga oshirsin;

muassislar yig‘ilishini o‘tkazib, mulkni inventarizatsiya qilsin va tashkil etilayotgan "Yoshlar" teleradiokanali" yopiq aksiyadorlik jamiyati nizom jamg‘armasini qonunda belgilangan tartibda shakllantirsin.

11. Moliya vazirligi (S. Rahimov), Iqtisodiyot vazirligi (U. Roziqulov) O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasini va unga qarashli tuzilmalarni moliyalashtirish tartibi va smetasiga, shuningdek ushbu Farmon talablarini hisobga olgan holda uning moddiy-texnika bazasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish investitsiya dasturlariga tegishli o‘zgartishlar kiritsin.

12. 2010 yil 1 yanvarigacha bo‘lgan davr mobaynida O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi va uning tarkibiga kiruvchi korxona va tashkilotlar daromad solig‘idan, shuningdek import qilinadigan uskuna va materiallarga bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod etilsin, bo‘shaydigan mablag‘lar ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga yo‘naltirilsin.

Moliya vazirligi (S. Rahimov) mazkur imtiyozlar berilishi natijasida olinadigan mablag‘lardan maqsadli foydalanilishi ustidan qattiq nazorat o‘rnatsin.

13. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekistonning ijtimoiy taraqqiyotida televideniye va radioning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 1996 yil 7 maydagi PF-1462-sonli Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (B. Mustafoyev) bir oy muddatda manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda normativ-huquqiy hujjatlarga ushbu Farmondan kelib chiqadigan tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari bo‘yicha qaror qabul qilsin.

16. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.