Jizzax

Jizzax radiosi

Jizzax radiosi

1974 yil 1 yanvarda Jizzax radiosi tashkil etilib, shu yil 9 avgustida ultraqisqa to`lqinlar orqali Jizzax radiosining dastlabki eshittirishi efirga uzatildi. Eshittirishlar bir soat hajmida beshta til – o`zbek, rus, qozoq, tojik va qrim-tatar tillarida tayyorlangan.

Jizzax radiosi 2002 yilgacha har kuni 1 soatu 36 daqiqadan iborat o`z eshittirishlarini tinglovchilarga taqdim etib bordi. 2004 yilda Jizzax radiosi negizida ovoz yozish, montaj qilish imkoniyatlariga ega zamonaviy «SONY» jamlanmasi ishlab chiqarishga joriy etilib, efirga uzatish tadbirlari to`laligicha kompyuterlashtirilgach, «Jizzax» radiokanali FM – 105.5 to`lqinida kuniga 9 soat efirga uzatila boshlandi.

Radio faoliyatiga zamonaviy efir vositalari joriy etilishi natijasida yangi janrlar – radioreportaj, to`g‘ridan-to`g‘ri muloqotlar, radiomuxlislar izhori uchun keng o`rin ajratiladigan ko`ngilochar eshittirishlar paydo bo`ldi. Informatsion dasturlarning hududlar qamrovi kengayib, musiqiy dam olish dasturlarining ra ta’minlandi.

Ayni paytda «Jizzax» radiokanalining efir hajmi kuniga 14 soat bo`lib, eshittirishlarning 60 foizini informatsion hamda ma’naviy-ma’rifiy, sotsial-iqtisodiy mavzudagi dasturlar, to`g‘ridan-to`g‘ri muloqotlar tashkil etadi.

Viloyat radiosi arxiv fondida qariyb 8 000 dan ortiq nodir yozuvlar – musiqiy mahsulotlar, tarixiy shaxslar va arboblar haqidagi hujjatli-musiqiy eshittirishlar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatlar, radiopostanovkalar, mumtoz kuy va qo`shiqlar saqlanmoqda.

Radioeshittirishlar  FM 105,5 to`lqinlari orqali 30 kilometr radiusda (Jizzax shahri va shaharga chegaradosh bo`lgan tumanlarda) to`liq, 103,1 ultra qisqa to`lqinlar orqali  viloyatning barcha tumanlari, shuningdek, Samarqand, Sirdaryo viloyatlari  hududlariga qisman tarqatiladi.