Telekanal haqida
Telekanal tarixi
«Madaniyat va ma’rifat» telekanali» davlat muassasasi O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining raqamli telekanallari sonini oshirish, ulardan to`liq formatda foydalanish, sifatli boyitish va xizmat ko`rsatish to`g`risida» 2012 yil 30 iyuldagi PQ-1794-son Qarori asosida tashkil etilgan. 2013 yil 1 yanvar kunidan o`z dasturlarini efirga uzata boshlagan. Yurtimiz madaniy-ma’rifiy hayotiga oid ko`plab yangi loyihalar bilan ish boshlagan telekanal teletomoshabinlar tomonidan iliq kutib olindi. Bu esa yurtimiz aholisining madaniy-ma’rifiy sohalardagi axborotga bo`lgan ehtiyoji katta ekanligini ko`rsatadi.
Yutuqlari
Tajribali va mahoratli ijodkorlardan tashkil topgan «Madaniyat va ma’rifat» telekanali» o`zining qisqa faoliyati davomida yaxshi natijalarga, yutuqlarga erishdi. Boshqa markaziy telekanallar bilan raqobatlasha oladigan darajaga etdi, desak mubolag`a emas. Jumladan, 2013 yil O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «MTRK SOVRINI» an’anaviy ko`rik tanlovining «Eng yaxshi teledastur» nominatsiyasi bo`yicha rag`batlantiruvchi o`rin sohibi («Kaftdagi chiziqlar» ko`rsatuvi);
2014 yil «Oltin qalam» jurnalistika sohasida IX milliy mukofotining Bosh milliy mukofoti sovrindori;
2014 yil O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «MTRK SOVRINI» an’anaviy ko`rik tanlovining «Eng yaxshi teledastur» nominatsiyasi bo`yicha rag`batlantiruvchi o`rin sohibi («Bir asar tarixi» ko`rsatuvi);
2015 yil O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «MTRK SOVRINI» an’anaviy ko`rik tanlovining «Yil dasturi yoritilgan eng yaxshi telemahsulot» nominatsiyasi bo`yicha g`olibi («Ziyoli xonadon» ko`rsatuvi);
2016 yil O`zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «MTRK SOVRINI» an’anaviy ko`rik tanlovining «Eng yaxshi informatsion teledastur» nominatsiyasi bo`yicha rag`batlantiruvchi o`rin sohibi «Bugun madaniy-ma’rifiy yangiliklar dasturi». Bu kabi yutuqlar har doim teletomoshabinlar uchun ishlaydigan «Madaniyat va ma’rifat» telekanali» ijodkorlarini tom ma’noda ilhomlantirib yubordi. Yangi loyihalar ustida ishlashga, ularni o`z vaqtida teletomoshabin e’tiboriga havola qilishga rag`bat uyg`otdi. Bu qizg`in jarayon hozirgi kunda ham davom etmoqda.
Maqsadi va asosiy vazifasi
Aholining madaniy va ma’rifiy darajasini oshirish, o`sib kelayotgan avlodda ilmiy kashfiyot va bilimlar. madaniy qadriyatlarga bo`lgan qiziqishlarini shakllantirish, O`zbekiston xalqining boy madaniy va ma’rifiy merosini asrab-avaylash va yanada boyitishga qaratilgan yuksak badiiy saviyadagi ma’naviy, ilmiy-ommabop va madaniy-ma’rifiy teledasturlarni yaratish;
Mamlakat aholisi hamda xorijiy hamjamiyatni O`zbekiston Respublikasining madaniy va ilmiy hayotida bo`layotgan muhim voqealar to`g`risida har tomonlama xabardor qilish, yurtimiz musiqa, teatr va tasviriy san’atining eng ajoyib namunalarini namoyish etish, milliy adabiyot va san’atimizning mashxur arboblari hayoti va ijodi to`g`risida teleko`rsatuvlar tayyorlash;
Mamlakat aholisini va eng avvalo yoshlarni fan, madaniyat va san’at sohasida butun dunyoda erishilgan ilg`or yutuqlar bilan har tomonlama va holisona tanishtirish, insoniyatning madaniy va intellektual merosini hamda etakchi xorijiy o`quv, ilmiy va madaniy markazlarining faoliyatini ommalashtirish.
Efir soati: 24 soat.
Efir qamrovi: Raqamli televizion signallarni qabul qilish imkoniyati mavjud hududlarni qamrab olgan.
Qaysi auditoriya uchun faoliyat yuritishi
Milliy telekanal hisoblangan «Madaniyat va ma'rifat» telekanali mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladi, o`z ko`rsatuvlarini yoshi, qiziqishi va kasbidan qat’iy nazar, aholining barcha qatlamlari va keng jamoatchilikni ko`zda tutgan holda tayyorlaydi. Har bir voqea yoki voqelikni yoritish, har bir mavzuga yondashishda telekanal O`zbekiston xalqining milliy mentaliteti xususiyatlarini inobatga oladi. Ayni shunday mezonlarga tayanib faoliyat ko`rsatayotgan telekanal xalqimizning, xususan, ko`p ming sonli ziyolilar, madaniyat va san’at namoyondalari e’tirofi va e’tiboriga sazovor bo`ldi.
Tarkibidagi muharririyatlar va ularning vazifalari
1. «Axborot-tahliliy dasturlar» muharririyati jamoatchilikni O`zbekiston va dunyoda kechayotgan muhim madaniy voqealar, mamlakatimiz ilm-fani, ta’lim, madaniyat va san’at sohasining yangi yo`nalishlari haqida tezkor xabardor qiladi, turli davr va hozirgi kundagi jiddiy hamda qiziqarli jarayonlarni sharhlaydi;
teletomoshabinlarni respublika va jahon madaniyati jarayonlaridagi asosiy yo`nalishlar, dolzarb ilmiy-gumanitar izlanishlar, madaniyat, adabiyot, arxitektura, arxeologiya sohasi va boshqa yunalishlardagi yangi yutuqlar bilan tanishtiradi;
jamiyatda yuksak ma’naviy axloqiy prinsiplarni shakllantirish bilan bog`liq masalalarni, shuningdek, jamiyatni madaniy va ma’rifiy hayotining dolzarb muammolarini keng muhokama etadi hamda har tomonlama tahlil qiladi.
2. «Madaniy-badiiy dasturlar» muharririyati turli adabiy-badiiy tadbirlar, seminarlar, ko`rgazmalar va festivallar asosida maxsus teleko`rsatuvlar tayyorlaydi, o`zbekistonlik hamda jahonga mashhur mualliflarning she’riyat va nasr, an’anaviy hamda opera musiqasi, tasviriy san’at hamda boshqa sohalardagi eng yaxshi ijodiy mahsulotlarini namoyish etadi;
mamlakatimizning taniqli shoirlari, yozuvchilari, rassomlari, haykaltaroshlari, olimu va tadqiqotchilari, bastakorlari, musiqachilari, aktyorlari, rejissyorlari, dizayner va xalq hunarmandlari faoliyati haqida hikoya qiluvchi, ular ijodining turli yo`nalishlari hamda uslublarini o`rganish va tahlil qilishni aks ettiruvchi teledasturlarni yaratadi;
ijod va ilm-fan sohasi ziyolilari vakillari bilan televizion uchrashuvlar, yoshlar va o`sib kelayotgan yosh avlodning bilimi, ta’lim hamda madaniyat darajasini oshirishga qaratilgan zakovat o`yinlari va viktorinalar tashkil qiladi.
3. «Ma’naviy-tarbiyaviy dasturlar» muharririyati. Aholining madaniy-ma’rifiy va ta’lim darajasini yuksaltirish, mamlakatimizdagi maktablar, litseylar, kollejlar va oliy o`quv yurtlarida ro`y berayotgan muhim ma’rifiy jarayonlarni, shuningdek, mamlakatimiz va dunyo olimlarining eng yangi ilmiy ishlanmalari hamda kashfiyotlarini keng yoritishga qaratilgan teleko`rsatuvlarni yaratadi;
teletomoshabinlarga madaniy va ma’rifiy sohalarda qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar mohiyati va ahamiyatini har tomonlama tushuntiradi, islohotlar jarayoni hamda tegishli Davlat dasturlari bajarilishini tahlil qiladi;
ilm-fan, texnika, adabiyot, san’at, ta’lim masalalari, turli yo`nalishdagi tadqiqot ishlari, shuningdek, ushbu sohalardagi yutuq va kamchiliklar muhokamasiga bag`ishlangan televizion uchrashuvlar hamda suhbatlar o`tkazadi.
4. «Ilmiy-ma’rifiy dasturlar» muharririyati. Xalqimizning boy tarixiy, madaniy va ma’rifiy merosini asrab-avaylash va mustahkamlashga, O`zbekistonning etnik madaniyati va tarixiy o`ziga xosligini har tomonlama tadqiq etish hamda chuqur anglashga qaratilgan teleko`rsatuvlarni tashkil etadi;
O`zbekiston xalqining buyuk ajdodlari tomonidan jahon sivilizatsiyasiga qo`shgan ulkan hissasini va ularning ilm-fan, adabiyot, arxitektura, shaharsozlik, san’at, falsafa, ilohiyot va din sohasidagi yutuqlarini har tomonlama o`rganadi hamda ommalashtiradi;
o`zbek xalqining o`ziga xos va noyob qadriyatlari, an’analari, urf-odatlari, marosimlari, shuningdek, o`zbek hamda jahon mumtoz musiqasi namoyondalari, jahon adabiyotining oltin xazinasidan munosib o`rin egallagan asarlar mualiflarining hayot va ijod yo`lini yoritadi;
mamlakatimizda yashab ijod qilib kelayotgan rassomlar, haykaltaroshlar, hunarmandlar ijodining tahliliga bag`ishlangan dasturlarni namoyish etadi.
5. «Kino, videomahsulotlar va tezkor dublyaj» muharririyati. Muharririyat mamlakatimiz aholisining madaniy dam olishini tashkil etish hamda badiiy didining o`sishi, dunyoqarashini kengaytirish, uning tafakkuri-intellektini boyitishga xizmat qiladi. Fuqarolarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, inson omili va uning manfaatlari ustuvorligini targ`ib etuvchi, xalqimizning milliy mentaliteti, axloq-odobi, qadriyatlariga mos keladigan badiiy, video, ilmiy-ommabop filmlarga, seriallarga bo`lgan ehtiyojini qondirib, milliy va jahon kinosi mahsulotlarini efirga tayyorlab berish, ular haqida tomoshabinlarga kengroq ma’lumot berish, kino san’ati haqidagi tasavvur va tushunchalarini boyitishga qaratilgan ko`rsatuvlar tayyorlash maqsadida faoliyat yuritadi.
Muharririyatning asosiy vazifalari kinomahsulotlarni efirga rejalashtirish va muvofiqlashtirish, har bir xorijiy badiiy, video, ilmiy-ommabop film yoki serialni xalqimizning milliy mentalitetiga mos, til va axloq-odob normalaridan chiqmagan holda tanlab olib, dublyaj qilish va ruknlar bo`yicha namoyish etiladigan tegishli filmlar bo`yicha ko`rsatuvlar tayyorlashdan iborat.
Muharririyat tomonidan jahon kino san’atining eng sara namunalari, kinematografiya tarixida o`chmas iz qoldirgan durdona kinosarlar, mashhur badiiy asarlar asosida suratga olingan, shuningdek, buyuk olimlar, mutafakkirlar, yozuvchilar, kompozitorlar, musavvirlar singari mashhur shaxslarning ibratli faoliyati aks etgan qiziqarli filmlar, insonni mushohadaga, fikrlashga undaydigan, azaliy savollarga javob izlaydigan mualliflik filmlari muntazam berib borilayapti, ular haqida ko`rsatuvlar tayyorlanayapti.